10 yillik tajriba
2 daqiqa o'qish54 ko'rish
Yaqinda bir videoga ko‘zim tushdi.
U videoda shu gaplar aytilayotgan edi:
"10 yilda yiqqan tajribamni sizlarga 1 daqiqada ulashaman".
Ha, bu ajoyib ish, yig‘ilgan tajriba va bilimlarni ulashish kerak.
Lekin, afsus 10 yillik tajribani 1 daqiqada berib bo‘lmaydi.
Nima uchun ?
Chunki bu tajriba 10 yillik, bu vaqt davomida bosib o‘tilgan yo‘l, qilingan xatolar va ularning badali. Yuzaga chiqqan muammolar va ularga izlangan yechimlar. Yechim izlashdagi olingan bilimlar. Yuzlab case’lar. Bu yo‘ldagi past-u balandlar va issiq-sovuqlar.
To‘g‘ri u inson buni yetkazib berishi mumkin lekin qabul qilayotgan bularni yashamagani uchun bularni tushunishi va xulosa chiqarishi juda qiyin.
Ayniqsa Instagramda bu qiyin. Chunki bu videogacha kamida 50ta va bu videodan keyin yana shuncha reels ko‘rilgan bo‘ladi.
Mayli, Instagramda reels bo‘lsin lekin u reels’ning kamiga 1 soatli to‘liq videosi ham bo‘lsin.
Men uchun Instagramdan Youtube afzal, Youtubedan esa kitob.
Nima uchun?
Kitobda tartib va davomiylik bor.
To‘g‘ri ilm hosil qilishdagi birinchi shartlardan biri tartib bilan uni olishdir.
Sabab:
- Fundamental bilim poydevor bo‘ladi
- Miyadagi bilimlar bir-biri bilan bog‘lanadi
- Murakkab narsani oddiy narsalarga ajratish imkonini beradi
- Xatolarni aniqlash osonlashadi
- Tezroq o‘rganishga yordam beradi
Davomiylik - bu yashashdir.
Qancha ko‘p yashalsa shuncha yaxshi.
- Reelsda 1 daqiqa
- Youtubeda 1 soat
- Kitobda kunlab, ba’zan haftalab
Instagramda 1 daqiqa Moliyaviy savodxonlik haqidagi reels ko‘rish bilan, Moliyaviy savodxonlik bo‘yicha 1 hafta kitob o‘qishning farqi bor.
Eng qizig‘i 1 hafta kitob o‘qiganingizda ham aynan shu 1 daqiqalik xulosa chiqishi mumkin lekin bu xulosa uchun siz bu kitob bilan, bu fikr-mulohazalar bilan 1 hafta yashadingiz.
Bu sizga anashu olingan xulosani hayotda qo‘llashingizga va undan manfaat olishingizga katta sababchi jarayondir.
Haligi 1 daqiqalik reels’dan olgan xulosangiz 1 daqiqadan keyin unutiladi.
To‘g‘ri bu vaqtni uzaytirsa bo‘ladi aslida.
1 daqiqada olgan insight’laringizni qog‘ozga tushirib, har biri bo‘yicha alohida fikr yuritib post yozib yoki ular borasida yana izlanib, maqolalar o‘qib yoki AI orqali ma’lumotlar yig‘ib.
Bu holatda davomiylikni ta’minlash mumkindir lekin tartib yo‘qolishi aniq.
Umumiy qoida shu: Bir yo‘nalishda chuqur bilim olmoqchimisiz, u bilan yashang. Ko‘proq yashang. )
"Kitob nima uchun o‘qishim kerak?", degan savolga ham aynan shu javob bo‘ladi.
Yashash uchun!