Xotira
1 daqiqa o'qish0 ko'rish
Kunlar ham ancha isib qoldi. Bahor boshqacha!
Ertalab sovuq, tushlikda issiq, kechga yaqin yana sovuq tushadi. )
O‘sha kuni ishlar bor edi shu sabab yandex taxi chaqirdim. Bir samimiy amaki keldilar. Yo‘lda gapda gap chiqib nabiralari haqida gap ochib qoldilar. Nabiralar inson uchun juda boshqacha hissiyot beruvchidir. Bunga ko‘p guvohi bo‘laman.
O‘zim ham nabira bo‘lgan paytlarim Bobomni o‘zgacha mehrlarini his qilar edim.
Haligi amaki gapini davom ettirib nabiralariga uyda arg‘imchoq yasab berganlari haqida aytib qoldilar:
"Nabiralarim uchun uyda arg‘imchoq yasab berdim. O‘zim payvandlashni bilganim uchun bu muammo emas. Arg‘imchoq uchun alohida temirlar olib keldim, juda mustahkamidan. Yillab xizmat qilishi uchun. Men olamdan o‘tib ketganimda ham mendan bir xotira bo‘lib qolsin. Shu arg‘imchoqni uchib meni eslashadi", dedilar.
Meni ichim shuv etdi.
"Inson bu dunyoda yaxshi bir xotira qoldirish uchun yashamog‘i kerak" degan fikr keldi.
Zotan bizdan xotiralarda boshqa narsa qolmaydi…
Demak har bir insonning xotirasida qolar ekanmiz, chiroy holatda va yaxshi bir inson holatida qolaylik.
Boboning ham birdan bir maqsadi ham shu, nabiralarim meni go‘zal xotiralar ila eslasin…
Demak savolni o‘zgartirish lozim!
Odamlar men haqimda nima o‘ylayotgan ekan ? Emas!
Balki insonlarda men haqimda qanday xotiralar qolayotgan ekan degan savolni berishimiz kerak.
O‘ylash va xotira o‘rtasida juda katta farq bor.
Sizni bugun o’ylaganlar ertaga unutishlari mumkin lekin siz bir insoning xotirasida qolishingiz bu boshqa…
Siz bir insonga berishingiz mumkin bo‘lgan eng afzal narsalardan biri bu go‘zal xotiradir. )