Maslahat bermang
2 daqiqa o'qish0 ko'rish
Bir insonni bilmay turib: holati, sharoiti, bilimi yoki boshqa, hech qachon maslahat bermang!
Avval u bilan gaplashing, tanishing, savollar bering, aniqlashtiring.
Bitta berilgan xato maslahat bir insonning hayotiga salbiy ta’sir qiladi.
Bu borada ko‘p o‘ylanaman, sababi mendan maslahat so‘raydiganlar ko‘p.
Bu bir tomonda yaxshi, ikkinchi tomondan esa mas’uliyatli ish.
Voqea:
Bugun shu mavzuga doir qiziq vaziyat bo‘ldi. Sport zalga chiqib turaman. Kim biladi kim yo‘q, sport zalda har ikkinchi odam aqlli hisoblanadi. )
Qo‘yib bersangiz hayotingizni tahlil qilib berishadi.
Mashqlar orasida sizlar tomondan kelgan savollarga javob berib o‘tirgan edim. Har mashqni tugatgach qo‘limga telefonimni olib yozayotgan edim. Shu payt bir yoshi katta, zalda trener bo‘lib ishlaydigan aka kelib ismimni so‘radi, tanishdik. Aka birdan menga nasihat qila boshladilar:
Zalga keldimi, telefonni qo‘yib qo‘y, mandayam, boshqalardayam bor telefon.
Pov:
Telefon haqidagi gapni menimcha menda Iphone bo‘lgani uchun aytib o‘tdi, ya’ni maqtanyapti deb o‘yladi.
Umuman terlamagansan, keldimi zalga ishla yaxshilab, 1 yil shunaqa yurasan keyin natija bo‘lmadi deb ketasan, shu bilan qaytib kelmaysan.
Xullas aka obordilar. )
Akani xatosi avval men bilan yaxshilab tanishib olmaganida edi, shu sabab ham bergan maslahatlari men uchun o‘rinsiz va keraksiz bo‘lib qoldi. Men akaga hech qanday e’tiroz qilmadim. Chunki aka o‘zidan, o‘z xulosalarida kelib chiqqan holatda menga maslahat berdilar. Joni sog’ bo‘lsin.
-
Odatda mashqlar orasida qolgan zarur ishlarimni bajaraman, ishga doir, yoki rivojlanishimga. Bu man uchun juda qulay vaqt.
-
Mandagi Iphone umuman man uchun 0ga teng. Ya’ni ish uchun kerak bir vosita xalos. Bu narsa bilan inson obro‘ topmasligini juda yaxshi bilaman. Shu telefon yerga tushib parcha-parcha bo‘lib ketsa ham qalbimda hech bir o‘zgarish bo‘lmaydi.
-
Man zalga "kachok" bo‘lib ketish uchun kelmaganman, kelmayman ham va "kachok" bo‘lish man uchun natija emas! Mani maqsadim sog‘lom bo‘lish. Har bir muskulimni ishlatish, qon aylantirish. Shu bilan birga sog‘lom bir formada bo‘lish. Manga jarayon qiziq! Kelib shu zalda yurganim, shug‘ullanganim qiziq.
Bu narsalarni trener akamizga aytib gapni cho‘zgim yoki aqllilik qilgim kelmadi. Shu sabab "xo‘p" deb qo‘ydim.
Shu uchun avvalo maslahat berish katta mas’uliyat ekanligini his qilgan holda qarshimizdagi odamni yaxshilab o‘rganaylik. To‘g‘ri hammaga mos tushadigan universal maslahatlar ham bor, ularga qarshiligim yo‘q, lekin muayyan bir insonning holati bo‘lsa buni yaxshilab tahlil qilish kerak.