Misollar
1 daqiqa o'qish0 ko'rish
Agar insonlarga nimanidir tushuntirishga to'g'ri kelib qolsa, odatda har kuni bu ish sodir bo'ladi, doim ularga misollar orqali tushuntirishga harakat qiling.
Ustoz sifatida faoliyat yuritganimda ham doim shu qoidaga amal qilar edim. O'quvchilarimga doim o'zlarining hayotida yoki kundalik ular duch keladigan voqealardan misollar keltirar edim va bu juda foydali bo'lar edi.
Post yozayotganimda ham bu qoidaga amal qilishga harakat qilaman. Yuqoridagi postlar bunga dalil bo'la oladi nazarimda.
Keling endi bu qoidaga nima uchun amal qilishimni aytsam.
Alloh Taolo Qur'onda ko'p oyatlarda insonlarga misollar orqali tushuntiradi. Bu uslub orqali eslatmalar yanada tushunarli va esda qoladigan bo'ladi. Quyida Qur'ondagi ba'zi misollarni keltiraman:
Ankabut surasi, 41-oyat:
"Allohdan o‘zga homiylar tutganlarning misoli o‘ziga uy yasagan o‘rgimchakning misoliga o‘xshaydi. Albatta, uylarning eng zaifrog‘i o‘rgimchak uyi. Koshki buni bilsalar edi!"
Bakara surasi, 26-oyat:
"Albatta, Alloh bir chivin yoki undan ulug‘roq narsaning misolini keltirishdan hayiqmaydi. Imon keltirganlar esa buni albatta Parvardigorlari tomonidan haq ekanligini bilurlar. Kofirlar esa: «Alloh bu misol bilan nima demoqchi?» derlar. U (misol) bilan ko‘p kimsalarni adashtirur va ko‘p kimsalarni hidoyatga boshlaydur. Lekin U (misol) bilan faqat itoatsizlarni adashtirur."
Rum surasi, 28-oyat:
"U sizlarga o‘zlaringizdan bir misol keltirdi: «Sizlarga Biz rizq qilib bergan narsalardan sizning xizmatchilaringizdan (qulingizdan) ham barobar sheriklar bormi? Sizlar unda (qulingiz bilan) teng bo‘lib, ulardan o‘zlaringizdan hadiksiraganingizdek, (ulardan ham) hadiksirasiz. Aqlini ishlatadigan qavm uchun oyatlarni shunday tafsil qilurmiz."
Hashrsi, 21-oyat:
"Agar Biz ushbu Qur’onni biror tog‘ ustiga nozil qilganimizda edi, sen albatta uni Allohdan qo‘rqib, bo‘ysunib, yorilib ketganini ko‘rgan bo‘lur eding. Ushbu misollarni odamlar uchun keltiramizki, shoyad o‘ylab ko‘rsalar."
Alloh o'zi yaratgan bandalariga qanday murojaat qilishni juda yaxshi biladi. Bu Alloh bizga ta'lim bergan qoidadir. Shu sabab ham har birimiz bu qoidaga amal qilsak, insonlar orasida bir-birini tushunmaslik kamayadi deb o'ylayman.