Muvaffaqiyatning fundamental prinsiplari
2 daqiqa o'qish26 ko'rish
Tarixga nazar tashlasak, olimlar, sarkardalar, podshohlar va boshqa buyuk shaxslarning hayotida bir qiziq jihatni ko‘rish mumkin. Ularning maqsadlari turlicha bo‘lgan.
Davri, madaniyati va sohasi ham bir-biridan keskin farq qilgan. Ammo qaror qabul qilishi va kundalik xulq-atvorida ayrim fundamental prinsiplar qayta-qayta uchraydi.
Qizig‘i, zamonaviy psixologiya tadqiqotlarida ham ayrim shaxsiy xususiyatlar, xususan conscientiousness - vijdonlilik, mas’uliyatlilik va o‘zini boshqara olish kabi xususiyatlar, ish samaradorligi va turli natijalar bilan bog‘liqlik ko‘rsatadi.
Keling, turli davr va sohalardagi muvaffaqiyatli insonlarda uchraydigan ana shu prinsiplarni ko‘rib chiqamiz:
Halollik
O‘zingizga ham, boshqalarga ham yolg‘on gapirmaslik. Haqiqat yoqimsiz bo‘lsa ham, uni tan olish.
Mas’uliyat
Hayotingizdagi natijalar uchun javobgarlikni boshqalarga yuklamaslik.
Intizom
Kayfiyatga qarab emas, kerak bo‘lgani uchun ishni qilish.
So‘zning qiymati
Va’da bergan bo‘lsangiz, uni bajarishga harakat qilish. Insonning obro‘si ko‘p jihatdan uning so‘zi va amali o‘rtasidagi masofa bilan belgilanadi.
O‘zini hurmat qilish
Boshqalarning roziligi uchun o‘z qadriyatlaringizni sotmaslik. “Yo‘q” deyish kerak bo‘lgan joyda “yo‘q” deya olish.
Uzoq muddatni o‘ylash
Bugungi zavq yoki foyda uchun ertangi hayotingizni qurbon qilmaslik. IPhone 18'ni nasiyaga 14ga bo'lib to'lashga olmaslik. )
Doimiy rivojlanish
“Men shundayman” degan fikrni o‘zingiz uchun cheklovga aylantirmaslik. Bilim, xarakter, kasb va fikrlashni muntazam rivojlantirish.
Tanlov oqibatini qabul qilish
Har bir tanlov boshqa imkoniyatlardan voz kechishni anglatishini tushunish.
Odamlarni vosita sifatida ko‘rmaslik
Insonning lavozimi, puli, foydasi yoki statusidan qat’i nazar, unga avvalo inson sifatida munosabatda bo‘lish.
Chegaralarni bilish
Hamma narsani nazorat qila olmasligingizni qabul qilish. Energiyani o‘zgartira oladigan narsalarga sarflash.
Adolat
O‘zingizga foydali bo‘lgan mezonni boshqalarga nisbatan ham qo‘llash.
Sabr
Har bir natija darhol kelmasligini qabul qilish. Muhim narsalarda qisqa muddatli noqulaylikni uzoq muddatli natija uchun ko‘tara olish.
Minnatdorlik
Bor narsani qadrlash, lekin rivojlanishdan to‘xtamaslik.
Mustaqil fikrlash
Ko‘pchilik ishonayotgani uchun ishonmaslik. Avtoritet, trend yoki guruh fikrini dalil o‘rniga qo‘ymaslik.
Afsuski, jamiyatimizdagi katta muammolardan biri ham shu, ko‘pincha “hamma shunday qilyapti” degan fikrni “demak, to‘g‘ri” degan xulosaga almashtirib yuboramiz.
Niyat va amal uyg‘unligi
O‘zingizni qanday inson deb bilishingizdan ko‘ra, amalda qanday inson ekaningizga qarash.
Insonning prinsiplarini uning gaplaridan emas, tanlovlaridan ko‘rish mumkin. )