Yo'lda
1 daqiqa o'qish0 ko'rish
Taksida uyga qaytayotgan edim. Haydovchi yo‘l bo‘yi tanishlariga qo‘ng‘iroq qilib ketdi.
Meni qulog‘imga chalingan gaplar:
– Palonchi, yaxshimisan? Nima qilyapsan? Bir shashlik yemaymizmi?
Xullas, haydovchi aka o‘ziga to‘q inson edi. Gap shundaki, bu takliflar oddiy emasdi – hamma xarajatni o‘zi ko‘tarishga tayyor edi. Pulni ayamaydi, mehmon qilishga, bir kechani ko‘ngilochar o‘tkazishga tayyor.
Ammo… ketma-ket 3–4 kishiga telefon qildi, hammasi turli bahonalar bilan rad etdi.
Shunda o‘zimga savol berdim: Nega? Axir pul bor, mehmondorchilik bor, chaqiruv samimiy eshitildi. Nega hech kim rozi bo‘lmadi?
Xulosa esa oddiy va hayotiy: Gap pulda emas!
To‘g‘ri, pulga odamlarni bir-ikki marta yig‘ish mumkin. Balki ular sizga “ko‘rinib” qo‘yishar. Lekin vaqt o‘tishi bilan odamlar pulga emas – sizning shaxsingizga kelishadi yoki kelishmaydi.
Yani, suhbatdagi mavzular, sizning so‘zlaringiz, atrofingizga taralayotgan energiya, munosabat, hurmat… – bular ko‘proq narsani hal qiladi.
Shaxsiyat – bu hamma narsadan muhim. Pul ortidan keladiganlar ko‘p, ammo shaxs ortidan yuradiganlar – bu siz qanday insonligingizga bog‘liq.
Pul ko‘pchilikda bor. Ammo har kimda ham jamiyatda “bor bo‘lish” qobiliyati yo‘q.
Va esda tuting: insonlar pulingizni emas, huzuringizni sog‘inadigan bo‘lishsa – mana bu chin boylik!